2024-yilda Toshkentning ayrim ko‘chalarida pullik to‘xtash joylarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda 26-aprel kuni “CAEx Ko‘chmas mulk” ko‘rgazmasida “Toshkent Invest kompaniyasi” raisining raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.

“Bugungi kunda Toshkentda pullik avtoturargohlar mavjud emas. Bu yil biz pullik to‘xtash joylari bo‘lgan bir nechta ko‘chalarni ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. Mahallalarda ko‘p qavatli avtoturargohlarni rivojlantirish dasturi ham bor”, — dedi Gurko.

Toshkent hokimligi yaqin ikki yilda 20 mingta pullik avtoturargohlar tashkil etishni, 2030-yilga borib esa ularning sonini 70 mingtaga yetkazishni mo‘ljallamoqda. Biroq, ma’muriy kodeksga avtoturargohga to‘lamaganlik uchun jarimalar, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.

“Ayni paytda 90ga yaqin ko‘cha kelishilgan bo‘lib, ular bo‘yicha pullik avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan, shundan 10tasi markaziy ko‘cha hisoblanadi, — dedi “Toshkent Invest kompaniyasi” raisining birinchi o‘rinbosari.

Aleksandr Gurkoning ta’kidlashicha, avtoturargohlarni tashkil etish jarayoni idoralar o‘rtasida qonuniy ravishda bo‘lingan.

Xususan, pullik to‘xtash joylaridan olinadigan barcha to‘lovlar transport vazirligi jamg‘armasiga o‘tkazilishi kerak, ammo yer ajratish va tariflarni aniqlash bilan poytaxt hokimligi shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, yer kodeksidagi o‘zgartirishlar va avtomobil yo‘llari kadastrining yo‘qligi loyihani amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

“Pullik avtoturargoh narxi birinchi bosqichda soatiga taxminan 3 ming so‘mni tashkil etadi, ammo dam olish va bayram kunlari, kunduzgi va tungi tariflar bor. Ayni paytda biz avtoturargohlarni tashkil etish va tarif menyusini yaratish konsepsiyasini ishlab chiqmoqdamiz. Bu [tayyorgarlik] ishlari yana 2−3 oy davom etadi”, — dedi u.

2023-yilning yanvarida Toshkent shahar hokimligi markaziy ko‘chalarda avtomobillar uchun pullik to‘xtash joylarini joriy etishni tasdiqlagandi.

Loyiha Turkiyaning “Kasy Park” kompaniyasi tomonidan DXSh asosida amalga oshirilishi belgilangan. Pullik “parkovka"larni tashkil etish bo‘yicha shartnoma summasi 891 mln so‘mni tashkil etdi.

Avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etish loyihasi quyidagicha belgilangan:

  1. Glinka ko‘chasi — 202 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 6 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 20 ta.
  2. Bratislava ko‘chasi — 84 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 2 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 8 ta.
  3. Mirobod ko‘chasi — 385 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 35 ta.
  4. Avliyo ota ko‘chasi — 150 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 4 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 15 ta.
  5. Taras Shevchenko ko‘chasi — 348 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 34 ta.
  6. Said Baraka ko‘chasi — 348 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 34 ta.
  7. Moshtabib ko‘chasi — 165 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 4 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 16 ta.
  8. Fidokor ko‘chasi — 120 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 6 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 12 ta.
  9. Sodiq Azimov ko‘chasi — 324 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 32 ta.
  10. Yakub Kolas ko‘chasi — 180 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 6 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 18 ta.

Mart oyida Toshkentning yo‘l infratuzilmasini boshqarish uchun Yo‘l harakati boshqaruvi markazini yaratish rejalari e’lon qilingandi. Markaz yangi pullik avtoturargohlar yaratish va elektromobillar uchun quvvat olish infratuzilmasini o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladi.

Aprel oyida Transport vaziri Ilhom Mahkamov bu yil Sergeli va Chorsu bozori yaqinida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi haqida gapirdi. Toshkentda to‘rtta turar joy qurish loyihasi DXSh asosida amalga oshiriladi.