10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari Buyuk Britaniyaga ishga jalb qilinadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Britaniyaning “NEU Professionals” rekruting agentligi, Qirollik hamshiralik kolleji, Koventri universiteti va “Mutaxassis til kurslari” markazi vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi.
Britaniya tomoni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand shahridagi “Medicon” universitetida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar natijasida, o‘zbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot sohasi vakillarini chet tillariga o‘qitish orqali Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarga ishga qabul qilish va $3 ming miqdorida oylik maosh to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, “NEU Professionals” rekruting agentligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ish beruvchi talabi, mamlakatda ishlash tartibi batafsil tushuntirildi.
Britaniya tomoni o‘zbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari, jumladan, hamshiralar o‘rta tibbiy xodim sifatida faoliyat yuritish bilan cheklanib qolmasligi, balki qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtayi nazaridan o‘sish imkoniga ega bo‘lishini ta’kidladi.
“NEU Professionals” rekruting agentligi 2013-yil chet ellik tibbiyot mutaxassislarini Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti shifoxonasi va boshqa tibbiyot muassasalari uchun yollashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya xorijdan tibbiyot mutaxassislarini Angliya va Uelsga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq Britaniyaning “Triple West Medical” rekruting kompaniyasi oliy toifali shifokorlarga ishga joylashishlari uchun til ko‘nikmalarini o‘rganishlariga yordam berishi ma’lum qilingandi.