AQShning “Air Products” kompaniyasi O‘zbekistonda karbonat angidrid ishlab chiqarishni rivojlantirishga $15 mln ajratdi. Bu haqda AQSh kompaniyasining matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
“Air Products” “Navoiyazot” korxonasi bilan karbonat angidrid gazi (CO2) ishlab chiqarish korxonasini rivojlantirish, qurish, egalik qilish va foydalanish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Investitsiyalar hajmi $15 mlndan ortiqni tashkil etib, loyiha doirasida ammiak ishlab chiqarish liniyasidan olingan CO2 xom ashyosi orqali yuqori tozalikdagi CO2 ishlab chiqariladi.
Zavodning ishlab chiqarish quvvati kuniga 120 tonnani tashkil etadi. Bu esa yuqori mavsumda ta’minotdagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga yordam beradi.
Yangi “Air Products” zavodi CO2 hosil bo‘lishining asosiy manbai bo‘lgan tabiiy gaz iste’molini kamaytirish orqali mamlakatning ekologik kun tartibini qo‘llab-quvvatlaydi.
Zavod 2024-yilning oxirida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda. Zavod ichimliklar ishlab chiqarish, payvandlash aralashmalarini tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini muzlatish, agrosanoat majmuasi, issiqxonalar, suvni tozalash, quruq muz ishlab chiqarish, kriomed-tibbiyot va transport kabi segmentlarga yuqori sof CO2 yetkazib beradi.
Shuningdek, CO2 o‘t o‘chirgichlar, qog‘oz, shisha va sahna tumanlarini ishlab chiqarishda muhim komponent sifatida qo‘llaniladi.
“Air Products” kompaniyasi Buxoroda metanoldan olefin ishlab chiqaruvchi zavod quradi. Uni 2025-yilda ishga tushirish mo‘ljallangan bo‘lib, ekspluatatsiya muddati 25 yilni tashkil etadi.
2023-yilning avgust oyida O‘zbekiston Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Air Products” boshqaruvi raisi Seyfi Gasemi “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Shavkat Mirziyoyev kompaniya boshqaruvi raisiga davlat mukofotini topshirdi.
Sentabrda Amerika kompaniyasi mamlakatda qiymati $10 mlrddan ortiq yangi investitsiya dasturini amalga oshirishi ma’lum qilingandi.