Bosh prokuratura huzuridagi pepartament tomonidan uchta hududda kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.” MChJ mas’ul shaxslari 6,5 mlrd so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirishgani ma’lum bo‘ldi. Mablag‘lar bank filialidan istirohat bog‘ini obodonlashtirish hamda texnikalar va attraksionlar xarid qilish uchun ajratilgan.
Mazkur shaxslar Davlat kadastrlari palatasi Karmana tuman bo‘limidan tumandagi “Yoshlik” istirohat bog‘ini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi soxta kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan.
Toshkent tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “J.A.” oilaviy korxonasi rahbari S.S. va boshqalar rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali jami 2 mlrd so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Ular naslli chorva mollari sotib olish va qo‘shimcha molxona binosini qurish uchun hududiy bank filialidan ajratilgan kredit evaziga xarid qilingan 160 bosh naslli chorva mollarni boshqalarga naqd pulga sotib yuborgan.
Andijon tumanida olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda “D.A.” fermer xo‘jaligi rahbari D.A. va boshqalar bakn filialidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga qo‘shni Qirg‘izistondan olib kelingan nasli chorva mollarini naqd pulga sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi. 1,6 mlrd so‘m talon-toroj qilingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Oldin ham uchta hududda $403 ming kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan korxonalar aniqlangandi. Toshkent, Navoiy hamda Samarqand viloyatlarida aniqlangan holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.