Joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistondan ko‘chib ketgan aholi soni 58,2 ming nafarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Shundan erkaklar soni 25,7 ming nafar, ayollar soni esa — 32,5 ming nafar. Ulardan 40,4 ming nafari shahar joylariga, qolgan 17,8 ming nafari qishloq joylariga to‘g‘ri keladi.
Birinchi chorakda mamlakatdan xorijga ko‘chib ketganlar soni 2 586 kishini tashkil etdi. Shundan 1 323 nafari erkaklar, 1 263 nafari esa ayollardir.
Ko‘chib ketganlarning xorijiy davlatlar bo‘yicha asosiy qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi — 2 125 nafar. Jami sonning 82,2%ini tashkil etgan.
Shuningdek, Rossiyaga 357 nafar, Qirg‘izistonga 22 nafar, Janubiy Koreyaga 20 nafar, Turkmanistonga 8 nafar hamda boshqa mamlakatlarga 54 nafar aholi ko‘chib ketgan.
Xorijiy mamlakatlarga doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketganlarning 10%ini mehnatga layoqatli yoshdan kichik bo‘lganlar tashkil etadi.
Shu bilan birga, 81,8%i mehnatga layoqatli yoshdagilar hamda 8,2%i mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida mamlakatdan xorijga ko‘chib ketganlar soni 17 336 kishini tashkil etgandi.