Toshkent shahrining ikkita tumanida tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududgaz Poytaxt” matbuot xizmati xabar berdi.
29-aprel kuni ta’mirlash ishlari sabab Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining belgilangan hududlariga tabiiy gaz yetkazib berilmaydi.
Mirzo Ulug‘bek tumanining “Temuriylar” MFYdagi 254ta yerli xonadon hamda 10ta ulgurji iste’molchilarga soat 10:00dan 18:00gacha gaz yetkazib berish to‘xtatiladi.
Yashnobod tumanining Ilg‘or shoh ko‘chasidagi 310ta yerli xonadon hamda 2ta ulgurji iste’molchilarga ham soat 10:00dan 17:00gacha tabiiy gaz yetkazib berilmaydi.
Ta’mirlash ishlari tugatilgandan so‘ng, tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklanadi.
Joriy yilning 1-mayidan iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashadi. Buning uchun bazaviy tarif (oyiga 200 kVt/soatgacha) 450 so‘mni tashkil etadi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 1-maygacha hisob raqam to‘ldirilib qo‘yilsa, ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Bu esa faqat ijtimoiy norma doirasidagi iste’mol hajmiga qo‘llanilib, agar belgilangan hajmlar oshib ketsa, ikki baravar tarif qo‘llaniladi.
Kelgusi yilning aprel oyida jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. Bazaviy tarif kilovatt/soat uchun 600 so‘m bo‘ladi.