Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan bo‘lib, hozirda vazirlik va idoralar orqali ko‘rib chiqilmoqda. (Loyiha nusxasi “Spot"da mavjud).
Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-iyulidan chakana savdo, xizmat ko‘rsatish hamda umumiy ovqatlanish sohalarida jismoniy shaxslar tomonidan to‘lovlar mobil ilovalar (naqdsiz) va plastik karta orqali amalga oshirilganda 1% miqdorida keshbek qaytarilishi hamda naqd puldagi to‘lovlar uchun esa keshbek qaytarish tartibi bekor qilinishi belgilanmoqda.
2022-yildan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xarid uchun berilgan cheklar uchun keshbek berila boshlandi. O‘sha yili 2 mln nafarga yaqin iste’molchiga 773 mlrd so‘m keshbek to‘lab berildi.
Joriy yil boshida prezident qarori bilan aholiga qaytariladigan 1% keshbek summasiga chegaraviy miqdor o‘rnatildi. Oyiga 20,4 mln so‘mlik cheklarni skanerlash mumkin.
Soliq qo‘mitasi fuqarolar tomonidan oyiga 204 ming so‘m miqdorida keshbek to‘lovlari miqdorini cheklash iste’molchilarning 98%iga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.