Avvalroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.
Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan bo‘lib, hozirda vazirlik va idoralar orqali ko‘rib chiqilmoqda. Hujjat bilan, ulgurji savdoni to‘liq naqd pulsiz hisob-kitob qilish tartibiga o‘tkazish taklif etilmoqda.
2024-yilning 1-mayidan uy-joy, ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarini sotuvi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Mazkur operatsiyalar doirasida komissiya to‘lovlari bekor qilinadi.
Bunda, fuqarolar tomonidan oldi-sotdi shartnomalarini bank ma’lumotlari asosida, yuridik shaxslar tomonidan esa elektron hisobvaraq-faktura orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa notarial rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, tovar va xizmatlarning umumiy qiymati $3 mingdan oshganda to‘lovlarni faqat naqd pulsiz hisob-kitob orqali amalga oshirish belgilanmoqda.
Barcha budjet tashkilotlari (shu jumladan qurolli kuchlar), OTMlar hamda yirik soliq to‘lovchilar ishchi xodimlariga oylik ish haqini 100% bank kartalari orqali berish ilgari surilmoqda.
Faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali amalga oshiriladigan xizmatlar katalogi tasdiqlanadi. U o‘z ichiga davlat xizmatlari, kommunal xizmatlar, to‘lov kontraktlarini oladi.
Biznes vakillari, banklar bilan birgalikda “WeChat” va “Kaspi” tizimlarining o‘xshashi bo‘lgan texnologik tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni hukumatga taqdim etadi.
Tizim onlayn davlat xizmatlari va to‘lovlari, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalar, shaxsiy mablag‘larni boshqarish va onlayn savdo xizmatlarini o‘z ichiga olishi belgilanmoqda.
Uning barcha jarayonlari naqd pulsiz hisob-kitob orqali va dastlabki 5 yil davomida bepul amalga oshiriladi.
2023-yilning dekabrida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilgandi. Gap ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash haqida bormoqda.
Yil boshida prezident yashirin iqtisodiyotdan YaIMga 135 trln so‘m, budjetga 30 trln so‘m tushum yo‘qotilganini qayd etgandi. Masalan, qurilish korxonalarining 41%i hisobotida faqat 1ta ishchisini ko‘rsatgan.
Bosh prokuratura Departamenti va Hisob palatasi yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar qilib belgilandi.
Avvalroq naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirishga 100 mln so‘mgacha (BHMning 300 baravari) chegaraviy miqdorni belgilash rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.