“Google” o‘zining “Chrome” brauzerining qidiruv paneliga neyron tarmoq imkoniyatlarini qo‘shdi. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.
Ishlab chiquvchilar o‘z bloglarida aytganidek, neyron tarmoq brauzer bilan ishlashni yaxshilash imkonini beradi.
Sun’iy intellekt modeli tavsiya etilgan saytlarning dolzarbligini, shuningdek qidiruvlar paytida avtomatik to‘ldirish imkoniyatlarini oshirdi.
O‘zgarishlar “Chrome M124"da paydo bo‘ldi. Endi tizim ma’lum bir URL-manzilni tanlash va qidiruv maydoniga qaytish o‘rtasidagi naqshni aniqlaydi.
Ishlab chiquvchilar foydalanuvchilar qanchalik tez boshqa sayt ochishga qaror qilishsa, birinchi variant ularga mos kelmasligi ehtimoli shunchalik yuqori ekanligini tushunishdi. Shuning uchun, bunday URL so‘rov uchun past ahamiyatli ball oladi.
“Chrome” dasturiy ta’minot muhandisi Jastin Donnellining so‘zlariga ko‘ra, bu xulosa endi aniq ko‘rinadi.
“Ammo „machine learning“ tizimi ushbu naqshni payqab, o‘rganishdan oldin, bu sodir bo‘lishi hech kimning xayoliga ham kelmagan”, deb ta’kidladi dasturchi.
Donnelli mutaxassislar uchun har kuni milliardlab marta foydalaniladigan asosiy qidiruv tizimini almashtirish qiyin bo‘lganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha “dunyodagi barcha samolyotlar parvoz qilayotganda barcha o‘rindiqlarini almashtirishga” o‘xshaydi.
Avvalroq “Spot” “Google” yangi videoblogerlar uchun sun’iy intellekt vositasini taqdim etgani haqida yozgandi.
U har bir bosqichda oddiy va tushunarli maslahatlar berib, foydalanuvchiga imkon qadar ko‘proq video yaratishga yordam beradi.