O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati oshirildi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 16-aprelidagi hukumat qarori bilan agentlik tomonidan minimal iste’mol xarajatlari qiymatini qayta ko‘rib chiqish va e’lon qilish belgilangan. Bu 1-maydan mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oshishini hisobga olgan holda ishlab chiqildi.
2024-yilning may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etdi. Yil boshida e’lon qilingan qiymat 621 ming so‘mni tashkil etgandi.
Agentlikning tushuntirish berishicha, mazkur ko‘rsatkichdan moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklarga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash mumkin.
Kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va choralarning natijadorligi va manzilliligi oshirilib, ularning doimiy monitoringi yuritiladi.
Shuningdek, pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash hamda kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
2023-yil yakunida kambag‘allik darajasi 3,1%ga pasayib, 11%ni tashkil etgandi.
Joriy yilning 1-mayidan iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashadi. Buning uchun bazaviy tarif (oyiga 200 kVt/soatgacha) 450 so‘mni tashkil etadi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 1-maygacha hisob raqam to‘ldirilib qo‘yilsa, ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Bu esa faqat ijtimoiy norma doirasidagi iste’mol hajmiga qo‘llanilib, agar belgilangan hajmlar oshib ketsa, ikki baravar tarif qo‘llaniladi.