Avvalroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, hukumatda ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, Soliq qo‘mitasi hamda Markaziy bank o‘rtasida ikki oy muddatda P2P operatsiyalarida muayyan chegaradan oshgan tranzaksiyalar bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashinuvi yuzasidan memorandum imzolash belgilanmoqda
Bu tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar jismoniy shaxslarning plastik kartalari (P2P) orqali amalga oshirilishini tartibga solish, yashirin iqtisodiy operatsiyalarni aniqlash hamda bu orqali shaffoflikni ta’minlash maqsadida ilgari surilmoqda.
Shuningdek, regulyator va qo‘mita tomonidan o‘zaro ma’lumotlar bazalarini himoyalangan kanallar orqali integratsiya qilgan holda inson omilisiz mazkur ma’lumotlarni qayta ishlash hamda risklarni aniqlash imkoniyatiga ega tizimni yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.
Bunda, amalga oshirilgan tranzaksiyalarning yillik hajmi quyidagi miqdorlarni tashkil etganda ma’lumotlar qayta ishlanishi mumkin:
- 100 mln so‘mdan oshdan jismoniy shaxslar;
- 500 mln so‘mdan oshgan tadbirkorlar.
2023-yilning fevralidagi prezidentning tegishli farmoni bilan o‘tgan yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilangandi.
Biroq, bu ijtimoiy tarmoqlarda, keng jamoatchlik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Bu kabi jarayonlar regulyator bilan kelishilgan nizom va ko‘rsatmadan keyin amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
1-iyundan esa P2P o‘tkazmalari bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi.
Avvalroq ayrim to‘lovlarni naqd pulsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Xususan, ko‘chmas mulk va avtomobil savdosini faqat naqd pulsiz amalga oshirish belgilanmoqda.