“Rosatom” va “Uzatom” O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha shartnoma tayyorlamoqda, deya xabar bermoqda “Strana Rosatom” nashri Bosh vazir o‘rinbosari, Sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturovga tayanib.
Qayd etilishicha, Rossiya tomoni ham kam quvvatli atom elektr stansiyalari loyihalarini taklif qilishga tayyor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish uchun Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida joy tanlangan.
Muhandislik tadqiqotlari yakunlandi va uning atom elektr stansiyasini qurishga yaroqliligi tasdiqlandi. Bundan tashqari, loyihaning optimal texnik konfiguratsiyasi aniqlandi.
AES VVER-1200 reaktorlariga ega ikkita III+ avlod blokidan iborat bo‘ladi, ishga tushirish 2033-yilga mo‘ljallangan. Loyihaning taxminiy qiymati $11 mlrdga baholanmoqda.
Ayni paytda buyurtmachi va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda atom elektr stansiyasini O‘zbekiston energetika tizimiga integratsiyalashning texnik masalalari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, iqlim sharoitini hisobga olgan holda suv sarfini kamaytirish va elektr energiyasini maksimal darajada ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Avvalroq “Rosatom” O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha muzokaralar juda muvaffaqiyatli ketayotgani haqida ma’lum qilgandi.
Avvalroq “Spot” Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering” kompaniyasi O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyalarini qurmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Kompaniya kichik modulli reaktorlar yaratish texnologiyalarini eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu bo‘yicha Koreya atom energiyasi tadqiqot instituti bilan memorandum imzolandi: