Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Usmonov nomidan yana soxta xabarlar tarqatilmoqda. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirkor Alisher Usmonov videotasviriga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berilib, audioyozuvlarni soxtalashtirish yo‘li bilan ijtimoiy tarmoqlar va “Telegram"dagi turli xil kanal va guruhlarda xabarlar tarqaldi.
Unda tadbirkor nomidan “Aliya” nomli kanal orqali internet foydalanuvchilari tez fursat ichida mo‘may daromad olishlari mumkinligi aytilgan.
Kiberxavfsizlik markazi mazkur xabarlar yolg‘on va haqiqatga mos kelmasligini ta’kidlab, fuqarolardan bu kabi yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikni hamda virtual firibgarlardan ogoh bo‘lishni so‘ramoqda.
Avvalroq Alisher Usmonov nomidan tarqalgan feyk xabarlarda o‘g‘irlangan pullarni qaytarish uchun milliarderning “dasturidan” foydalanish taklif qilingandi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sportchi Habib Nurmagomedov nomidan ham soxta xabarlar tarqatildi.
“Spot” onlayn firibgarlik holatlariga oid ma’lumotlar hamda ularni rasmiy xabarlardan qanday ajratish mumkinligi, shuningdek, eng keng tarqalgan beshta turi haqida ma’lumot bergandi.