“Yandex Go” O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida tarif joriy etadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Yaqin vaqtlar ichida Toshkentda ilk bor taksi xizmatining maxsus tarifida elektromobillar mavjud bo‘ladi.

Keyingi bosqichda kompaniya elektromobillardan foydalanuvchi hamkorlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda, bu barqaror shahar muhitini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

Tarifda “BYD”, “Dongfeng”, “Hongqi” va boshqa markalardagi elektromobillar taqdim etiladi. Dastlabki bosqichda, “Yandex Go” xizmatiga 1000 dan ortiq avtomobillarni ulash rejalashtirilgan.

“Elektromobillar yuqori darajadagi qulaylikka ega — zamonaviy, shovqinsiz ishlaydi. Shuningdek, ular foydalanishda tejamkor, yoqilg‘i sarfi va xarajatlari past, bu haydovchilar uchun foydali. Shahar muhiti uchun elektromobillardan, jumladan taksida foydalanish shahardagi shovqinni va chiqindilarni kamaytirishga yordam beradi”, — deydi “Yandex Taxi"ning MDH bo‘yicha rivojlanish direktori Kirill Svinsov.

Kompaniya bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash nafaqat shaharlardagi hayot sifatini yaxshilashga, balki elektromobillarga bo‘lgan talabni oshirish va mos infratuzilmani rivojlantirishga ham turtki beradi deb hisoblaydi.


Avvalroq “Spot” “Yandex Go” xizmati Qarshida ham ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Shu bilan xizmat mamlakatning 10 ta shahrida ish olib boradi. Qarshida yo‘l haqi narxi 3000 so‘mdan boshlanadi.