Yevropa Komissiyasi “Apple” kompaniyasini Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida “iPad” uchun uchinchi tomon ilovalari do‘konlariga ruxsat berishga majbur qildi.

Qayd etilishicha, Yevropa Komissiyasi “Apple"ga iPadOS’ni Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunga (DMA) muvofiqlashtirishni buyurdi.

Bunda uchinchi tomon ilovalari do‘konlariga ruxsat berish va oldindan o‘rnatilgan xizmatlarni o‘chirishni ta’minlashi kerak. Kompaniya buyurtmani olti oy ichida bajarishi shart.

Regulyator 2023-yil sentabr oyidan beri tekshiruv o‘tkazdi va iPadOS qonun ostida qolish chegaralariga javob bermasligiga qaramay, operatsion tizim “biznes foydalanuvchilari uchun mijozlar bilan bog‘lanish uchun muhim kanalga” aylanganini aniqladi.

2024-yil yanvar oyida “Apple” YeIdagi uchinchi tomon iOS ilovalari do‘konlariga DMA talablariga rioya qilishiga ruxsat berishini e’lon qildi.

Kompaniya, shuningdek, Yevropa iqtisodiy zonasidagi uchinchi tomon dasturchilariga “iPhone” va “Apple Watch"dagi “NFC” chiplaridan foydalanish imkoniyatini beradi.


Avvalroq “Spot” Yevrokomissiya “Apple”, “Meta” va “Alphabet"ni tekshirishni boshlagani haqida yozgandi.

Tergov ularning Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun talablariga to‘liq rioya qilmayotganligi sababi bilan o‘tkaziladi.