Italiyaning Tusha universiteti (Tuscia University) grant dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik va universitet o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga asosan o‘zbekistonliklar dasturda magistratura bosqichi uchun ishtirok etishlari mumkin.

Universitetda menejment, moliya va nazorat, raqamli ma’lumot, o‘rmon xo‘jaligi va atrof-muhit ta’limi hamda oziq-ovqat fani va texnologiyasi kabi yo‘nalishlar mavjud.

Tanlov uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda nomzodlar havola orqali ariza to‘ldirishlari kerak.

Ikkinchi bosqichda nizom talablariga javob bergan talabalar (ta'lim yo‘nalishiga qarab) bir ta’lim dasturi dekani tomonidan suhbat qilinib, uning natijasi asosida universitetga qabul qilinadi.

Uchinchi bosqichda universitetga qabul qilingan nomzodlar vazirlik stipendiyasi uchun quyidagi hujjatlarni topshiradi:

  • onlayn shakldagi ariza;
  • xorijga chiqish pasporti;
  • bakalavr diplomi;
  • B2 darajadagi ingliz tili sertifikati (IELTS, CAE, TOEFL, Pitman, ESD, Pearson);
  • CV;
  • motivatsiya xat;
  • o‘qishga qabul qilinganlik xati (ikkinchi bosqichdan muvofaqqiyatli o‘tgan nomzodlar uchun).

Agar talabgor so‘nggi bosqich talabasi bo‘lsa, bakalavr darajasini 2024-yilning 31-iyuliga qadar olishi to‘g‘risida ingliz tilida ma’lumotnoma taqdim etishi kerak.

Grand loyihasiga ko‘ra o‘qishga qabul qilingan talabalarning o‘qish xarajatlari to‘liq qoplanadi.

Qo‘shimcha savollar uchun better.regulation@agro.uz elektron pochta manziliga murojaat qilish mumkin.

Arizalar joriy yiling 24-mayigacha qabul qilinadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Avvalroq Niderlandiyaning Tvente universiteti (University of Twente) grant dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.