O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab chuqur dengiz kabelini yotqizishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
1-may kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirlari energiya tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash orqali mintaqada ishlab chiqarilgan yashil energiyani Yevropaga eksport qilish loyihasini dastlabki texnik-iqtisodiy asoslantirishning texnik shartlarini tasdiqladilar.
Xususan, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarni o‘rganish uchun xalqaro konsultantlarni yollash, davlatlararo bitim loyihasini tayyorlash kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirliklari rahbarlari energiya tizimlarini o‘zaro bog‘lash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladilar. Hujjat doirasida texnik tavsifi loyihasi ilgari shakllantirilgan Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab kabel yotqizish va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiya eksport qilish imkoniyatlari o‘rganiladi.
“Texnik topshiriqlar doirasida xalqaro uzatish yo‘laklarini rivojlantirish (moliyalashtirish, daromadlar oqimi va mulkchilik) hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yashil energiyani sotish bo‘yicha taklif etilayotgan biznes-modeli ishlab chiqiladi”, — dedi Qozog‘iston energetika vaziri Satkaliyev.
Shundan kelib chiqib, uch mamlakat energetika vazirliklari o‘rtasida Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash bo‘yicha hamkorlik memorandumi loyihasi ishlab chiqildi.
Satkaliyevning qayd etishicha, uchrashuvda mazkur loyihani amalga oshirishning asosiy yondashuvlari muhokama qilindi va kelishib olindi. Qozog‘iston Energetika vazirligi keyingi to‘laqonli hamkorlikka to‘liq tayyor, dedi u.
O‘tgan yilning noyabrida tomonlar “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga o‘tkazish loyihasini muhokama qilgandi. Hamkorlikda Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Vengriya orqali o‘tadigan ko‘prik yaratish belgilangan.