“KPMG Caucasus and Central Asia” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar bozori faol o‘sishda davom etmoqda (“Spot"da mavjud).
Kompaniya tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 2022-yilda naqd pulsiz to‘lovlar va o‘tkazmalarning umumiy ulushi mamlakat YaIMining 58%ini tashkil etdi. Bozor aylanmasi $36,2 mlrdni tashkil etdi, yana $10,5 mlrdi to‘lov tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
2027-yilga kelib kompaniya naqd pulsiz operatsiyalar bozorida aylanma ikki baravardan ko‘proq o‘sishini kutmoqda. Ularning umumiy hajmi $107−125 mlrd oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Moliyaviy xizmatlar va texnologiyalar sohasiga mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan qiziqish mavjud. “KPMG Caucasus and Central Asia” direktori Farrux Abdullaxonov bozor konsolidatsiyasi trendiga, jumladan, to‘lov xizmatlariga qo‘yiladigan yangi talablar sabab bo‘lganini ta’kidladi.
“Umuman olganda, biz naqd pulsiz operatsiyalar hajmining 22%ga o‘sishini kutyapmiz, bu asosan pul o‘tkazmalarining yillik o‘sishi bilan bog‘liq. POS moliyalashtirish va muddatli to‘lovlar bozorida yanada dinamik o‘sish kutilmoqda”, — dedi Abdullaxonov.
Onlayn tijorat POS moliyalashtirish uchun asosiy o‘sish omili sifatida qaraladi. “KPMG” tahlilchilari elektron tijorat aylanmasining oshishi bilan iste’molchilarning BNPL (buy now, pay later) xizmatlariga ishonchi ortganini qayd etdi.
BNPLning jadal rivojlanishiga bozor ishtirokchilari o‘zlarining skoring modellarini joriy etishlari yordam beradi, deya qayd etdi “KPMG Caucasus and Central Asia” hamkori Vitaliy Yakovlev. Mashinali o‘rganish va davlat resurslaridan olingan ma’lumotlar hisobiga ular qaror qabul qilishni 1 daqiqagacha qisqartiradilar.
POS moliyalashtirish va BNPLning umumiy hajmi hozirda $450−600 mlnga baholanmoqda, kompaniyaning prognozlariga ko‘ra, yillik o‘sish 38−42%ga yetadi va 2027-yilga borib $1,5−2 mlrdni tashkil etadi.
“Tinkoff Bank"ning sobiq rahbari, “TBC Bank"ning xalqaro biznes bo‘yicha rahbari Oliver Xyuz O‘zbekistonning fintex sohasi haqidagi fikr bildirgandi. U elektron tijorat, to‘lovlar, kreditlash hamda kripto kabi sohalarda ko‘plab fintex kompaniyalari mavjudligini va yangilari paydo bo‘layotganini qayd etdi.
Avvalroq Markaziy bank Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi kamayganini ma’lum qilgandi.