“Hacknovation-2024” hakatoniga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hakaton Toshkent shahridagi Amity universiteti va O‘zbekiston IT-hamjamiyati tomonidan tashkil etilmoqda.
Unda universitet, sanoat va maktab yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha jamoa shaklida ishtirok etish mumkin.
Musobaqaga quyidagi 10ta mavzu bo‘yicha texnologik landshaftdagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalar qabul qilinadi:
- “Aqlli shaharlar”;
- “Sog‘liqni saqlash inqilobi”;
- “Qishloq xo‘jaligi innovatsiyalari”;
- “Barqaror energiya”;
- “Aqlli uyni avtomatlashtirish”;
- “Ekologik monitoring”;
- “Ta'lim texnologiyasi”;
- “Moliyaviy texnologiya”;
- “Ma'lumotlar muhandisligi”.
Jamoa jami 5 kishidan, jumladan, kamida bitta ayol ishtirokchidan iborat bo‘lishi shart. Jamoa bitta murabbiy mentorga ega bo‘lishi mumkin. Mentor jamoa asosiy institutining o‘qituvchisi yoki sanoat vakili bo‘lishi mumkin.
Musobaqada ishtirok etish uchun jamoalar o‘zlari va loyihalari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
Universitet/sanoat yo‘nalishida g‘olib bo‘lganlarga quyidagicha pul mukofoti beriladi:
- 1-o‘rin — $1500;
- 2-o‘rin — $1000;
- 3-o‘rin — $700.
Maktab o‘quvchilaridan iborat g‘olib bo‘lgan jamoa $500 bilan mukofotlanadi.
Hakaton 18−19-may kunlari Toshkent shahridagi Amity universitetida bo‘lib o‘tadi.
Nomzodlar joriy yilning 12-mayigacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan yoki +998 99 404 02 98 telefon raqamidan olish mumkin.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” yangi elektropoyezd dizaynini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgandi. Chizmalar “Hyundai Rotem” tezyurar poyezdi uchun qabul qilinadi hamda tanlov g‘olibi 100 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.