Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari iqtisodiyotda transformatsiya jarayonlari, investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratish davom etishini ta’kidlab, manfaatli hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtaldi.
Birinchi yo‘nalish — “yashil” energetika. Tarmoq samaradorligini oshirishda mamlakatda 28ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda. 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40%ga yetkazishni belgilangan.
Investorlar uchun Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi. Bu yo‘nalishda barcha davlatlar kompaniyalari ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etildi.
Ikkinchi yo‘nalish — bank-moliya sohasi. So‘nggi yillarda mamlakatda ko‘plab xususiy banklar ochildi. Bozorga Yevropa banklari ham kirib keldi. Raqamli banklar o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.
Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan “Asakabank"ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi. OTB, XMK va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda boshqa yirik banklarni transformatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda.
Keyingi yo‘nalish foydali qazilmalar bo‘yicha ekani qayd etildi. Bu borada xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinadi.
Davlat rahbari strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga taklif etdi.
To‘rtinchi yo‘nalish mamlakatning IT-transformatsiyasidir. Bir yilda IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobarga oshdi. Kelajakda ko‘rsatkichni $5 mlrdga yetkazish reja qilingan. “IT Park” rezidentlari soni o‘n barobar ko‘payadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi o‘rni yaratiladi.
Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Ma'lumotlar markazi” barpo etilmoqda. Bu mamlakatni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sun’iy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga yordam beradi.
Beshinchi yo‘nalish transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘lib, xususan, pullik avtomobil va tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish bo‘yicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.
Forumda xorijiy investorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati uzaytirilishi ma’lum qilingandi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi.