Prezidentning 2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida, quyidagilar amalga oshiriladi:
- hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar quriladi;
- qurilish tashkilotlariga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi;
- ko‘p qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari joriy qilinadi;
- ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga kamida 17 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtirish mexanizmlaridan keng foydalaniladi.
Shuningdek, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga 120 mln so‘mgacha ipoteka krediti beriladi.
Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi.
Bunda ipoteka kreditlari 120 mln so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun ajratiladi.
Shu bilan birga, ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15%i miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12%dan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.