Avvalroq O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati 648 ming so‘m etib belgilangandi.
Prezidentning 30-apreldagi tegishli farmoni bilan pensiyaning eng kam miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasining matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-mayidan boshlab quyidagi pensiyalarning eng kam miqdori 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha oshirildi:
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiya.
Qayd etilishicha, natijada 751 ming nafar yoshga doir va 110 ming nafar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarning pensiyalari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkaziladi.
Buning uchun Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 180 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.
Yangi belgilangan miqdordagi pensiyalar pensiya oluvchilarga joriy yilning may oyidan to‘lanadi.
Joriy yilning fevralidan ayrim pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori 621 ming so‘m etib belgilangandi. 2023-yilning 1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirildi.