Toshkent aeroportining uchib kelish zalida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shoxobchasi ochildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Maydoni 8 kv.metr bo‘lgan xizmat ko‘rsatish shoxobchasi uchun o‘tkazilgan auksionda O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi g‘olib bo‘lgan.
Shoxobchada uchib kelgan yo‘lovchilar import qilingan — yangi yoki O‘zbekistondan tashqarida foydalanilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.
IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish narxi BHMning 20%i — 68 ming so‘mni tashkil etadi.
O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi 2019-yildan joriy qilingan. IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish mahalliy uyali aloqa operatorlarining SIM-kartalari ulangan kundan 30 kun (norezidentlar uchun 60 kun) ichida amalga oshirilishi kerak.
2023-yilning oktabrida IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirildi. Ikkitagacha telefonni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazish, UZIMEI tizimida Face-ID orqali ro‘yxatga olish mumkin bo‘ldi.
Aholi tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlaridan qat’iy nazar, deklaratsiya to‘ldiriladi.