Amudaryoda suvni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishi mumkin. Bu haqda “UzA” nashri xabar berdi.
Turkmanistonning Turkmanobod shahrida Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha bundan oldingi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qildi. O‘zbekistonning Turkmanistonda joylashgan suv xo‘jaligi obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va “Tuyamo‘yin” gidrouzelining “Sultonsanjar” to‘g‘onida “suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish” loyihalarini tezlashtirishga kelishildi.
Gidrologik yil davomida 2023-yilning 1-aprelidan 2024-yilning 30-martigacha Amudaryoning suvlilik darajasi tahlil qilinib, mamlakatlar iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlash bo‘yicha keyingi harakatlari ko‘rib chiqildi.
Komissiya Amudaryoda suvni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muhimligini qayd etdi.
Tomonlar xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘larini jalb etish orqali gidropostlardagi mazkur avtomatlashtirilgan tizimni ishga tushirish va gidropostlarni tiklash bo‘yicha loyihalarni birga amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Amudaryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, kanallar o‘zanlarini tekislash orqali suv resurslari yo‘qotilishini kamaytirish va suvning to‘siqsiz o‘tishini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Turkmaniston davlat suv xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish instituti va Turkmaniston davlat suv xo‘jaligi qo‘mitasining “Turmensuvilimtaslama” loyiha instituti hamda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar suv toshqinlarining oldini olish va qirg‘oqlarni mustahkamlash chora-tadbirlari bo‘yicha tajriba almashdi. Amudaryo bo‘yida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarli vaziyatlarning oldini olish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tegishli takliflar bildirildi.
Avvalroq Xorazmda O‘zbekiston-Turkmaniston erkin savdo zonasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Unda tovarlarni saqlash, saralash, sotish va transport kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.