Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) “Asakabank"ni xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda xalqaro moliya tashkiloti matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
2-may kuni Toshkent investitsiya forumi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va YeTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Juzanna Hargitay “Asakabank"ni sotishga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida shartnoma imzoladilar.
YeTTB maslahat, tajriba almashish, texnik yordam ko‘rsatish shaklida xususiylashtirishdan oldin zaruriy yordam ko‘rsatadi hamda davlat bankining o‘z kapitaliga xususiylashtirishdan oldin investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.
Shuningdek, “Asakabank"ni xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida tomonlar institutsional transformatsiyalar va korporativ boshqaruv tizimini isloh qilish bo‘yicha ish olib boradi.
Mart oyi oxirida “Fitch Ratings” “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ni xususiylashtirish kechikishini prognoz qildi. O‘tgan yilning avgustida ikkita davlat bankining sotilishi mos ravishda 2024 va 2025-yil oxirigacha qoldirildi.
Aprel oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ni xususiylashtirishdagi kechikishlarni korporativ boshqaruvni o‘zgartirish muammolari va O‘zbekistonning AQSh g‘aznachiligidan kelayotgan sanksiyaviy risklari bilan izohladi.
Avvalroq YeTTB Xorazmdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga $238 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.