Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari o‘rinbosari Davron Maqsudov elektron tijoratning rivojlanishi O‘zbekiston biznesiga ta’sir qilishini qayd etdi.
2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida elektron tijorat bozori bo‘yicha panel sessiyasi o‘tkazildi. Unda soha mutaxassislari va hukumat vakillari O‘zbekistonda investitsiyalar va onlayn biznes-platformalarning o‘sishiga muhit yaratilgani, elektron tijoratning joriy holati haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori o‘rinbosari Davron Maqsudovning ma’lum qilishicha, mamlakatda mazkur sohada ro‘yxatdan o‘tgan marketpleyslar soni 50dan ortiqni tashkil etadi.
“Ularning yillik aylanmasi $300 mlni tashkil etadi. 2027-yilga kelib bu $1 mlrdga yetishi kutilmoqda”, — dedi Davron Maqsudov.
Shuningdek, u mamlakatda “Meta”, “Google”, “Apple” hamda “Booking.com” kabi 57ta xorijiy kompaniya ro‘yxatdan o‘tganini, 2023-yilda ular tomonidan 70 mlrd so‘m soliq to‘langanini qayd etdia.
Bundan tashqari sessiyada so‘zga chiqqan “Uzum” kompaniyasining strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Nikolay Seleznyov O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil ichida an’anaviy bozorlardan elektron marketpleyslarga “katta sakrash"ni amalga oshirganini ta’kidladi.
2021-yilda O‘zbekiston elektron tijorat bozorining hajmi $201 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu $543 mlnga yetdi.
“„Uzum“ ko‘plab kompaniyalarga „yakkashox“ (bahosi $1 mlrddan ortiq bo‘lgan texnologik kompaniya) maqomga erishish yo‘lini ko‘rsatib bera oldi deb o‘ylayman”, — deya qo‘shimcha qildi Seleznyov.
Avvalroq 1-maydan “Uzum Market” sotuvchilar uchun komissiyalarni hisoblash mexanikasini o‘zgartirishi haqida xabar berilgandi.