Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Xorazm viloyatida yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga kredit mablag‘larini ajratadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2-may kuni Toshkent investitsiya forumi doirasda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va YeTTB vakillari $238 mln miqdorida suveren kreditini ajratish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Mazkur mablag‘lar Xorazm orqali o‘tuvchi 4R156 avtomobil yo‘lini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
Xususan, Urganch-Xonqa-Hazorasp-Toshsoqa-Amudaryo-A380 avtomobil yo‘lining 84 kilometr uzunlikdagi qismini sement-beton qoplama bilan qoplash hamda Amudaryo orqali ko‘prik qurish rejalashtirilgan.
YeTTBning qayd etishicha, 4R156 avtomagistrali strategik xususiyatga ega, chunki mazkur yo‘l Urganchni Qozog‘istonga ketadigan A380 avtomobil yo‘li bilan bog‘laydi. Qurilish tugallangandan so‘ng, joriy bir qatorli II toifadagi yo‘l I toifali qo‘sh qatnov qismiga aylantiriladi.
Bundan tashqari, tomonlar transport yo‘laklarini rivojlantirish va O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirishni ko‘rib chiqishdi. Avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va qurish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalari hamda sohaga investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan “Asakabank"ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolangani haqida xabar berilgandi.