Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlari natijasida davlat manfaatlariga 58 mlrd 846 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” xabar berdi.
Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya”, Bosh prokuratura va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda aprel oyida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Unda 539 ta holatda iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.
Bunda 39 mlrd 518 mln so‘mlik elektr energiyasi (41 mln 241 ming kilovatt-soat) va 19 mlrd 328 mln so‘mlik tabiiy gaz (12 mln 883 ming metr kub) talon-toroj qilinishi natijasida davlat manfaatlariga keltirilgan jami 58 mlrd 846 mln so‘mlik zarar undirishga qaratildi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi — Samarqand, Toshkent va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Avvalroq “Spot” Toshkent viloyatida metan zapravka 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida yozgandi.
Bir oy davomida noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 1,27 mln metr kubni tashkil etadi. Holat yuzasidan korxona rahbariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.