Avvalroq 2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratishni va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi.
Hujjat bilan, dastur doirasida subsidiyalar to‘lashning amaldagi tartibiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Xususan, subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024-yilning 15-mayidan 1-noyabrigacha qabul qilinadi.
Kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar quyidagi tartibda to‘lab beriladi:
- 2024-yilgi dastur doirasida ajratiladigan kreditlarning 12%dan oshgan qismiga;
- 2025-yil va undan keyingi yillar dasturlari doirasida Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga.
Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar joriy yilgi dasturdan boshlab qat’iy belgilangan 30 mln so‘m miqdorida to‘lanadi.
Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. 1-maydan birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sug‘urta xavflaridan sug‘urta qilish talabi bekor qilinadi.
Ko‘p qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “C” va “CC” bo‘lgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi. Reyting bahosi “C” bo‘lgan tashkilotlar 5 qavat, “CC” bo‘lganlar esa 9 qavatdan yuqori bo‘lmagan uy-joylarni qurishlari mumkin.
2025-yilgacha belgilangan yangi qurilish va maxsus texnikalarning importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun budjetdan 500 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Qurilish tashkilotlariga quyidagicha uy-joylar qurish uchun ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha kafillik va kompensatsiyalar taqdim etiladi:
- Toshkent shahrida — 9 va undan yuqori qavatli;
- boshqa shaharlarda — 7 va undan yuqori;
- qishloq joylarda — 5 va undan yuqori.
Bunda 24 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib beriladi.
2025-yildan qurilish tashkilotlariga “yashil” uy-joy standartlari talablari asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurishga kreditlar ajratiladi. Bunda mablag‘lar Markaziy bankning asosiy stavkasidan bir foiz bandga yuqori stavkada taqdim etiladi.
2024-yilning 1-oktabrigacha “yashil” uy-joy standartlari tasdiqlanadi. Kelasi yilning 1-apreligacha mazkur standart talablari asosida qurilgan uy-joylarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga “yashil” ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2023-yilning mayidan boshlab ipoteka kreditiga subsidiyalarni onlayn olish imkoniyati yaratildi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun shaxsiy hisobga ega bo‘lish kerak.
“Spot” ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalarni qanday onlayn jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.
Joriy yilning mart oyida 5 qavatli uylarni qurishga kamida “qoniqarli” va 9 qavatli uylarga “o‘rta qoniqarli” reytingga ega pudratchilar jalb qilinishi ma’lum bo‘lgandi. Buning natijasida qo‘shimcha 2 mingga yaqin pudratchiga imkoniyat yaratiladi.