Joriy yilning iyun oyi oxirigacha Toshkent-Andijon pullik yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanadi. Bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan panel sessiyasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
Sessiya O‘zbekistonning avtomobil, temir yo‘l va aeroport infrastrukturasini yaxshilashdagi ko‘rsatkichlariga qaratilgan. Ishtirokchilar avtomobil va temir yo‘llar qurilishi hamda Urganch aeroportini konsessiya qilishda 6ta investitsion loyihani ko‘rib chiqdi. DXSh asosidagi taxminiy investitsiyalar hajmi $18 mlrdni tashkil etadi.
Bundan tashqari, unda Transport vaziri o‘rinbosari Toshkent-Andijon pullik yo‘lini yaratish ishlari yakuniga yetib qolganini ma’lum qildi.
“Iyun oyi oxirigacha biz texnik-iqtisodiy ishlarni tugatamiz. Yangi pullik yo‘l Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 km bo‘lib, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil qiladi”, — deydi Choriyev.
Shuningdek, u transafg‘on temiryo‘l qurilishi haqida ham ma’lumot berib, temiryo‘l Yevroosiyo transport yo‘lagini yaratishda muhim rol o‘ynashini qayd etdi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega bo‘ladi.
Temiryo‘l tovarlar yetkazib berish muddatini 35 kundan 5 kungacha qisqartiradi. Tovarlarni yetkazib berish narxi esa kamida 40%ga pasayadi. Loyiha 2027-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda. Transport vaziri o‘rinbosari Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasiga ham to‘xtaldi.
“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi kutilmoqda”, — deydi Jasurbek Choriyev.
Toshkent-Andijon pullik yo‘l qurilishi 2026-yilgacha amalga oshirilishi belgilangan 5ta loyihadan bittasi hisoblanadi. 2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi.
O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrdga baholangandi. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi kutilmoqda.
Yil boshida Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov “Pullik yo‘llar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishi rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Bu ularni qurish uchun huquqiy asos yaratib, faoliyati, to‘lovni qabul qilish va olingan pullarni taqsimlash tartibini belgilaydi.
Avvalroq Yaponiyaning “Sojitz” hamda Turkiyaning “Rönesans” kompaniyalari O‘zbekiston davlat-xususiy sheriklik asosida pullik yo‘l qurilishid loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.