Saudiya Arabistoni 100 ming nafargacha farg‘onaliklarni ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning Quvayt va Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi davomida Jiddada “Bahra Electrics” kompaniyasi rahbari Fahed Talal Idris bilan uchrashuv o‘tkazilib, Farg‘onada ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvda “Bahra Electrics” hamda “Energy Solutions” kompaniyalari bilan viloyat hududida misni chuqur qayta ishlash hamda elektr kabellari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Loyihalarni amalga oshirishga qo‘shma ishchi guruh tuziladi.
Saudiya Arabistonining “Vision Ambassadors” kompaniyasi hamta’sischisi Osama Kokandiy, “Sodiq At-Tijoriya” kompaniyasi rahbari Emet Abdulaziz hamda ishbilarmon Ahmad Alxutami bilan uchruv tashkil etildi.
Osama Kokandiy viloyat rahbariga parrandachilik sohasida Farg‘onada loyiha amalga oshirish rejalarini ma’lum qildi. Emat Abdulaziz tekstil sohasida hamkorlik qilish, Farg‘onada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Saudiya Arabistoni bozoriga olib kirishda o‘z takliflarini bildirdi.
Ahmad Alxutami bilan muzokaralarda esa til va turli kasblarga o‘qitish markazlarini tashkil etish hamda 100 ming nafargacha farg‘onaliklarni mamlakatda doimiy ish bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi.
Bildirilgan takliflar asosida hamkorlikda ishni yo‘lga qo‘yish hamda ma’lumotlar almashishga kelishildi.
Avvalroq O‘zbekistonliklar “Volkswagen” va “Volvo” kompaniyalariga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari montaj va sinov ishchilarini hamda haydovchilarni qidirmoqda. Oylik maosh — 2400 yevrogacha.