O‘zbekiston xorijiy avtomobillarni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirildi. Bu bo‘yicha 2-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining qarori qabul qilindi.
Xususan, “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida"gi qarorga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.
Bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod etilgan muddati o‘tgandan so‘ng xorijiy avtomobilni bir yil davomida 90 kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlik uchun olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuniga BHMning 1 baravari — 340 ming so‘m miqdorida yig‘im undiriladi.
Amaldagi tartibda olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuni uchun transport vositasining har bir ot kuchidan BHMning 0,7%i (2380 so‘m) miqdorida undirilishi belgilangan.
Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
2023-yilning iyulida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan hukumatning Bojxona yig‘imlari stavkalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
Prezidentning tegishli qarori bilan ayrim toifadagi avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari kamaytirilgan. Xususan, dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha bo‘lgan yengil avtomobillar uchun 0%, 1 200 sm kubdan yuqori bo‘lmagan avtomobillar uchun esa 5% miqdorida bojxona boji olinadi.
Avvalroq elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini o‘rnatish va tarmoqqa ulash tartibi soddalashtirilgandi. Buning uchun yuridik shaxslarga bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda ruxsatnomalar beriladi.