Avvalroq to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, belgilangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va boshqa materiallar, butlovchilar va ehtiyot qismlar 2027-yilgacha bojxona bojidan ozod etiladi.
Bojxona bojining nol stavkasi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Quyida ularning ro‘yxati keltirilgan:
- dispergirlangan yoki suvsiz muhitda eritilgan bo‘yoqlar va laklar (shu jumladan, emallar va politurlar);
- poligrafik bo‘yoq, yozish yoki chizish uchun siyoh yoxud tush va konsentratsiyalangan boshqa siyohlar;
- yelimlar yoki adgezivlar sifatida chakana savdo uchun qadoqlangan mahsulotlar;
- motor moylari, kompressor yog‘lash moyi, turbina yog‘lash moyi;
- shesternyalar uchun moy va reduktor moyi;
- elektr izolyatsiyalash moylari;
- quvurlar, naychalar, shlanglar va ularning fitinglari;
- choksiz va ishlov berilgan yoki ishlov berilmagan yuzali fitinglar;
- rulonlarda yoki rulonsiz plitalar, listlar, plyonka, lenta, tasma va boshqa yassi formalar;
- plastmassalar va ulardan tayyorlangan buyumlar;
- yoyli elektr payvandlashda ishlatiladigan qimmatbaho bo‘lmagan metalldan yasalgan, qoplamali elektrodlar;
- quvur o‘tkazgichlar, qozonlar, rezervuarlar, sisternalar, baklar yoki shunga o‘xshash sig‘imlar uchun kranlar, klapanlar, ventillar;
- saqlovchi yoki yuk tushiruvchi klapanlar;
- pnevmatik kuch transmissiyalari uchun tartibga soluvchi klapanlar;
- elektr zanjirlar uchun dastlabki yig‘ilgan elementlar;
- ko‘p fazali o‘zgaruvchan tok dvigatellari (AC motor);
- elektr dvigatellar va generatorlar (elektr generator qurilmalaridan tashqari) (DC motor);
- elektron modullar;
- avtomatik sozlash va boshqarish uchun asbob-uskunalar va moslamalar.
Ro‘yxat bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Savdao-sanoat palatasining qayd etishicha, import qilinadigan xom ashyo va boshqa materiallar, butlovchilar va ehtiyot qismlar ro‘yxati bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligining har chorak yakuni bilan berib boriladigan taklifiga ko‘ra qo‘shimchalar kiritib borilishi belgilanmoqda.
“Bu o‘z navbatida, tarmoq korxonalariga keng assortiment va turdagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda xorijiy kompaniyalar buyurtmalarini kengaytirish imkoniyatini yaratmoqda”, deyiladi xabarda.
Mamlakatda gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj loyihalari uchun $100 mln yo‘naltirish rejalashtirilgan. $10 mlngacha bo‘lgan loyihalar uchun chet el valyutasida olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 6%dan yuqori qismi kompensatsiya qilinadi.