Toshkentda o‘tkazilgan uchinchi Xalqaro investitsiya forumi yakunida jami qiymati $26,6 mlrdlik kelishuvlar imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Forumda 93ta mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq delegatn ishtirok etib, unda global muloqot va investitsiyaviy sohadalar muhokamasi tashkil etildi.
2022-yili ilk marotaba tashkil etilgan mazkur forumda jami $7,8 mlrdlik, 2023-yilgi forumda esa $11 mlrdlik 167ta hujjat imzolangandi. Joriy yilda bu $26,6 mlrdni tashkil etdi.
Xususan quyidagi investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:
- Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “Yangi Toshkent"da shahar infratuzilmasi va yashil texnologiyalarga asoslangan “ma'lumotlar markazlarini” qurish — $4 mlrd;
- Saudiya Arabistoni “Acwa Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish — $6,2 mlrd;
- BAAning “Amea Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish — $1,1 mlrd;
- Saudiya Arabistonining “Saudi Tabrid” kompaniyasi bilan Nukus, Farg‘ona va Quvasoyda issiqlik tizimini modernizatsiya qilish — $750 mln;
- Misrning “Nil Shugar” kompaniyasi bilan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish — $500 mln;
- Xitoyning “Shanghai Knud International” kompaniyasi bilan Namangan viloyatida tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish — $205 mln;
- Singapurning “Wilmar International” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish — $200 mln.
Bundan tashqari, “Orascom Investment” (Misr), “Bonafarm Group” (Vengriya), “Sayar” (AQSH), “Goldwind”, “Sinoma” (Xitoy), “Sam Yapi” (Turkiya), “Pasha Development” (Ozarbayjon) “Laselsberger” (Avstriya), “Petrosat Chexelsoton” (Eron) kabi kompaniyalar bilan qiymati $6,6 mlrdlik yangi investisiya loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “Al Bawani Capital” kompaniyasi o‘rtasida Sirdaryo-Baxt halqa avtomobil yo‘lini qurish va Toshkent-Samarqand yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan panel sessiyasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev iyun oyi oxirigacha Toshkent-Andijon pullik yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanishini ma’lum qildi.