Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida fraksiya a’zolari “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Mazkur qonun loyihasida davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilish tartibi joriy etilganligi munosabati bilan mehnat organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish jarayonini yaxshilash belgilanmoqda.
Shu bilan birga, ishga qabul qilish mezonlarini aniqlashtirish, ishsizlik nafaqalarini tayinlash va tugatish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Kasb-hunar ta’limiga davlat buyurtmalari turlarini topshirish muddatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish, davlat tomonidan kafolatlangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan aholi toifalarini aniqlashtirish kabi o‘zgartirishlarni kiritish ko‘zda tutilgan.
Xususan, “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunning 38- va 55-moddalarida ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lganlarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilmoqda, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda.
Deputatlar subsidiyalar, ssudalar hamda ish beruvchi tomonidan xodimning kasbga tayyorlashdan o‘tgani, malakasi oshirilganini tasdiqlovchi hujjat nusxasi o‘quv kursi yangilangandan so‘ng 5 ish kuni ichida mehnat organiga taqdim etilmasa, mablag‘larni qaytarish choralari ko‘rilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan izoh so‘radi.
Bu savollarga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul xodimlari javob berib, taklif va tavsiyalarni ikkinchi o‘qish jarayonida inobatga olinishini bildirdilar. Qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Avvalroq pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari oshirilgandi. 1-maydan ayrim pensiyalarning eng kam miqdori 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mga yetkazildi.