Xotin-qizlarga OTMlarda o‘qishga tavsiyanoma berish uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xabar berdi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat OTMlariga alohida qabul parametrlari (jami 500ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
Bu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim.
Talabgorlar quyidagi mezonlarga muvofiq kelishlari kerak:
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka (kollej, texnikum diplomi);
- tavsiyanoma olgungacha oliy ta’lim olmagan yoki o‘qiyotgan (davlat va nodavlat OTMlarida o‘qimayotgan bo‘lishi);
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.
Oxirgi talab bo‘yicha nomzod o‘rta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik bo‘yicha tugatgan bo‘lsa, shu mutaxassislik bo‘yicha kamida 5 yil ishlagan bo‘lishi kerak.
Talabgorlar arizalarni joriy yilning 1-iyunigacha tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlari huzuridagi mazkur masalani ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi ishchi guruhga taqdim etishlari zarur.
Quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi.
- mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma.
- o‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha diplom.
Ariza va hujjatlar ishchi guruhlar tomonidan 1−7 iyun kunlari ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.
7−10 iyun kunlari tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari tomonidan qaror qabul qilinib, qo‘mitaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
Har yili 10-iyundan 14-iyungacha taqdim etilgan qaror va hujjatlar asosida qo‘mita raisining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqariladi.
15-iyungacha tavsiyanomalar o‘rnatilgan tartibda o‘z egalariga yetkaziladi. Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil muddat davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinish uchun amal etadi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlar ularning ish faoliyatiga mos yo‘nalishlar asosida Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus dasturiga kiritiladi.
Ular uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi.
To‘plangan ball bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan, to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30%ini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega nomzodlar taqsimlangan kvotalar va ballar ketma-ketligi bo‘yicha alohida qabul parametrlari doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.
2022−2023-yillarda tavsiyanoma olgan, biroq oliy ta’lim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2024-yilda ham amal qiladi.
Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.
Avvalroq “Coursera” platformasida bepul o‘qish uchun arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda IT-sohasida ta’lim olayotgan talabalar ishtirok etishlari mumkin.