Koreya 3 ming nafar o‘zbekistonlikni avtomobilsozlik bo‘yicha ishga jalb qilish niyatida. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Behzod Musayev hamda Janubiy Koreyaning Avtomobilsozlik sanoati uyushmasi raisi Kwak Yong Chol o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasida tashkil etilgan mazkur muloqotda mazkur mamlakat provinsiyalaridagi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish uyushmalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Unda Koreya avtomobilsozlik sanoati uyushmasi tarkibida 6 800ta korxona mavjud ekanligi, unda 48 ming nafar xodim faoliyat olib borayotgani qayd etildi.
Mazkur tarmoqda yana yiliga 3 ming nafar ishchiga talab mavjud bo‘lib, Koreya tomoni bu bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagida ekanini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ishlash istagidagi fuqarolarni qisqa fursatlarda yangi loyihaga qamrab olishga kelishildi.
Hozirda o‘zbekistonliklar Slovakiyaning “Volkswagen” va “Volvo” kompaniyalariga ishga qabul qilinmoqda. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari montaj va sinov ishchilarini hamda haydovchilarni qidirmoqda. Oylik maosh — 2400 yevrogacha.
Avvalroq Saudiya Arabistoni 100 ming nafargacha farg‘onaliklarni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi.