Joriy yilning 1-aprelidan avtomobillar va ularning tirkamalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovlariga o‘zgartirishlar kiritilgandi.
Xususan, elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar BHMning 1,5 baravari — 510 ming so‘m, qolgan barcha avtomobillar uchun esa BHMning 6,84 baravari — 2 325 600 so‘m etib belgilangandi.
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 3-maydagi tegishli buyrug‘i bilan avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun yig‘im miqdori kamaytirildi.
Avtotransport vositalari, elektromobillar, mototransport va tirkamalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov oldingi narx — BHMning 10%i miqdori (34 ming so‘m) etib belgilandi.
Bunda avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar o‘zgarishsiz qoldirildi. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
2023-yilning 1-noyabridan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki buzilganlari o‘rniga yangi raqam berishda undiriladigan to‘lovlar miqdori o‘zgartirilgandi.
Ichki ishlar vazirligi moped va skuterlarni vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorladi. 1-iyuldan ularga davlat raqamlarini berishni boshlash, 2025-yildan esa davlat raqami bo‘lmagan moped va skuterlarning umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida harakatlanishini taqiqlash rejalashtirilgan.
Avvalroq elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini o‘rnatish va tarmoqqa ulash tartibi soddalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Buning uchun yuridik shaxslarga bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda ruxsatnomalar beriladi.