Belgiya pochta va telekommunikatsiyalar instituti (BIPT) “Telegram"ning Yevropadagi faoliyatini tartibga soladi. Bu haqda Belgiyaning “De Standaart” gazetasi xabar berdi.

Messenjer Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga (DSA) muvofiqligi nazorat qilinadi, bu esa boshqa narsalar qatori sayt egalaridan jarima tahdidi yoki xizmatlarga kirishni cheklash xavfi ostida kontentni moderatsiya qilishni talab qiladi.

“Telegram” ustidan nazorat Belgiya regulyatori zimmasida bo‘ladi, chunki Yevropa Ittifoqining raqamli qonunchiligi doirasida platformaning qonuniy manfaatlarini ifodalovchi kompaniya Belgiyada ro‘yxatdan o‘tgan.

Nashrning yozishicha, Pavel Durov tomonidan yaratilgan xabarlar ilovasi go‘yoki “o‘ta o‘ng qanot g‘oyalari” va islom ekstremizmini targ‘ib qilish, shuningdek, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosi uchun faol foydalaniladi.

2024-yil fevral oyidan boshlab Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun (DMA) bilan parallel ravishda ishlab chiqilgan raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun to‘liq kuchga kirdi.

Qonun yirik raqamli platformalarni noqonuniy yoki zararli kontentga qarshi yetarlicha kurasha olmaganliklari uchun javobgarlikka tortish uchun aniqroq qoidalarni belgilaydi.

Hujjat shuningdek, foydalanuvchilarning so‘z erkinligi va shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish huquqlarini himoya qiladi.

Qonun operatorlarni Yevropa ittifoqi tomonidan taqiqlangan kontentni, jumladan, algoritmik darajada “dezinformatsiya” deb ataladigan narsalarni blokirovka qilishga majbur qiladi.


Avvalroq “Spot” “Apple” “Telegram"ni Xitoydagi “App Store"dan o‘chirgani haqida yozgandi.

Shuningdek, kompaniya “WhatsApp” va “Threads” kabi messenjerlarni ilovalar do‘konidan olib tashladi.