Avvalroq kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn ariza berish imkoniyati yaratilgandi.
Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin bo‘lib, buning uchun shaxsiy hisobga ega bo‘lish zarur. Qanday qilib hisob ochish bo‘yicha “Spot” qo‘llanmasi bilan bu yerda tanishish mumkin.
Ariza jo‘natish bepul, buning uchun hech qanday ortiqcha hujjat talab etilmaydi.
Dastlab ariza beruvchi portalga kirgach “Ijtimoiy himoya” sohasini tanlaydi. Unda “Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga ariza berish” xizmati mavjud.
Mazkur xizmat tanlagandan keyin “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi hamda unda ariza beruvchining JShShIR, telefon raqam va elektron pochtasi avtomatik tarzda shakllanadi. So‘ng hudud, tuman va mahalla fuqarolar yig‘ini nomini kiritish kerak.
Ma’lumotlar kiritilgach, navbatdagi sahifaga o‘tiladi. Unda arizachi va uning oila a’zolari nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq oilaning foydalanuvida bo‘lgan avtomobillar (mavjud bo‘lsa) haqida ma’lumot qo‘shiladi.
Shuningdek, agar mavjud bo‘lsa buqa va sigirlar, yosh qoramollar, ot va tuyalar, katta yoshdagi cho‘chqalar, qo‘ylar, katta yoshdagi parrandalar, yosh parrandalar hamda daromad olib keluvchi joylar, sug‘oriladigan bog‘ va dehqon xo‘jaligi yerlari maydonini kiritish mumkin.
Keyingi qadamda oila a’zolari jadvali avtomatik shakllanadi. Agar oila a’zolari tarkibida quyidagi toifalarga mos keluvchilar bo‘lsa ularning maqomini tanlash kerak:
- muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganligi sababli oilada bo‘lmagan shaxs;
- Mudofaa va Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda ularning tizimidagi tashkilotlar xizmatchilari va xodimlari hamda pensionerlari;
- harbiy taʼlim muassasasida taʼlim olishi sababli oilada bo‘lmagan shaxs;
- xorijdagi OTMlarda taʼlim olayotganligi sababli oilada bo‘lmagan shaxs.
Shuningdek, vasiylik va homiylik organining qarori nusxasi va qo‘shimcha hujjatlar (agarda mavjud bo‘lsa) yuklanishi kerak.
Agar oila a’zolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarda kamchilik yoki xato mavjud bo‘lsa, hududiy FXDY bo‘limlariga murojaat etish kerak.
Keyingi yakuniy bosqichda xatolikni oldini olish maqsadida ma’lumotlar qayta tekshiriladi. Agar qayta to‘g‘rilangan ariza bo‘lsa, oldingi ariza raqami ham yoziladi va yuborish tugmasi bosiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilangan muddat ichida arizani ko‘rib chiqadi va nafaqa tayinlangani yoki rad etilgani to‘g‘risida murojaatchini xabardor qiladi.
Avvalroq “Spot” yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash uchun arizani onlayn shaklda qanday to‘ldirish haqida qo‘llanmalarni taqdim etgandi.