Yaponiyaning “Sojitz Corporation” va Qatarning “Nebras Power” kompaniyalari Navoiyda shamol elektr stansiyasi qurmoqchi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbout xizmati xabar berdi.
Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi va Yaponiya hamda Qatar korxonalari o‘rtasida qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi rejalashtirilayotgan loyihalar va ulardan hosil bo‘ladigan qisqartirilgan issiqxona gazi emissiyasi savdosi bo‘yicha dastlabki uchrashuv o‘tkazildi.
Unda “Sojitz” va “Nebras Power” tomonidan Navoiy viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasida xorijiy investorlarning JCM (Joint Credit Mechanism) doirasida investor sifatida ishtirok etmoqchi ekanligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, markaz xodimlari tomonidan O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida qo‘shma kredit mexanizmi bo‘yicha hukumatlararo kelishuv mavjudligi va Parij bitimiga muvofiq milliy dastur ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishishdi.
Qoraqalpog‘istonda qiymati $7,3 mlrdlik shamol elektr stansiyalari qurilishi ma’lum qilindi. Saudiya Arabistonining “ACWA Power” vaBAAning “Amea Power” kompaniyalari umumiy quvvati 6 GVt bo‘lgan yashil energiya loyihalarini amalga oshiradi.
Avvalroq “Sojitz” kompaniyasi mamlakatdagi pullik yo‘l qurilishi loyohalarida ishtirok etishga qiziqayotgani haqida xabar berilgandi.