“UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Lacetti” avtomobili uchun kontraktatsiya ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Shartnoma berish jarayoni 8-may kuni soat 10:00da ochilib, 4 500 dona “Lacetti” uchun shu vaqtning o‘zida olib ketish imkoniyati bilan shartnoma tuzish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, kompaniya “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun ham shartnoma tuzish mumkinligini ham qayd etdi.
Mazkur avtomobil modellari uchun shartnomalarni savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirish mumkin.
Shuningdek, “UzAuto Motors” yaqin kunlarda “Cobalt” avtomobilini yangilangan modifikatsiyada ishlab chiqarishni boshlaydi.
Unda ekstererning qisman restaylingi mavjud bo‘ladi. Yangilangan avtomobillardagi o‘zgarishlar va kontraktatsiya vaqti haqida keyinroq xabar beriladi.
Kompaniyaning “Lacetti-Gentra” avtomobillarini ishlab chiqarishni yakunlash bo‘yicha rejalari 2022-yilning dekabrida xabar berildi. O‘tgan yil oxirida 2024-yildan mazkur avtomobilni ishlab chiqarishni to‘xtatishi ma’lum qilindi.
Mart oyida kompaniya o‘tgan yilning dekabrida amalga oshirilgan kontraktatsiyada to‘lovlari kechiktirilgan shartnomalar uchun qo‘shimcha avtomobillar sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi. Oy oxirida “Labo” uchun, aprelda esa “Damas” uchun kontraktatsiya ochildi.
“UzAuto Motors” “Cobalt” ommabop avtomobillari narxlarini oshirishni hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy etishni rejalashtirmoqda. Qo‘shimcha hajm 2024-yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilib, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxi 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq birinchi chorak yakuniga ko‘ra “UzAuto Motors” sof foydasi qariyb to‘rt baravarga oshgani haqida xabar berilgandi.