Yevropa Ittifoqi sudi tadbirkor Alisher Usmonovning singlisi, “USM” xoldingi asoschisi Gulbahor Ismoilovani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish haqidagi iltimosini rad etdi. Tegishli qaror sud saytida e’lon qilindi.
Gulbahor Ismoilova 2022-yil 8-aprelda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi, chunki u o‘sha yilning 28-fevralida sanksiyaga uchragan Usmonov bilan yaqin qarindoshi bo‘lgan.
Sud materiallarida qayd etilishicha, Germaniya Federal sud politsiyasi boshqarmasi tergoviga ko‘ra, Usmonov o‘z singlisiga mol-mulkni bilvosita o‘tkazgan.
Xususan, uning singlisi “Dilbar” yaxtasining yagona benefitsiar egasi bo‘lib, Italiya va Latviyadagi hashamatli ko‘chmas mulk bilan bog‘langan, bu borada uning akasi Alisher Usmonov bilan aloqa o‘rnatilishi mumkin.
Ismoilova vakillarining ta’kidlashicha, yuqorida qayd etilgan aktivlarni nazorat qiluvchi trestlar ustaviga muvofiq, uning nomi YeIning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng darhol ularning benefitsiari bo‘lishni to‘xtatgan.
2024-yil mart oyida “BNE Intellinews” Ismoilova ushbu trestlardagi benefitsiar egalik huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechgani, ulardan hozir yoki kelajakda, hatto YeI sanksiyalari bekor qilingan taqdirda ham har qanday imtiyozlar olish imkoniyatini istisno qilgani haqida xabar berdi.
2022-yil aprelida Usmonov Yevropa sudiga YeI Kengashiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni bekor qilishni talab qilgan edi.
7-fevral kuni “Bloomberg” agentligi Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida qolishini, chunki Yevropa sudi uning shikoyatini rad etgani haqida xabar berdi.
Shuningdek, Ismoilova YeIning unga nisbatan cheklovlar joriy etish qarori ustidan shikoyat qilgan.
Avvalroq Usmonovning yana bir singlisi Saodat Narziyevaga nisbatan Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bekor qilingan edi.