Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) “Analytics Services"ni investitsiya vositachisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
“Analytics Services” kompaniyasi qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya oldi. Agentlikning qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining reyestriga 74ta kompaniya kiritilgan.
“Analytics Services” asoschisi va egasi Akmal Djalilov prop-treyding kompaniyasini yaratish, qo‘shimcha ravishda ishonchli boshqaruv litsenziyasini olish va treyding bo‘yicha pullik o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish rejalari haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.
Broker o‘z kapitalining bir qismidan foydalangan holda “Toshkent” Respublika fond birjasida faol savdolar o‘tkazishni hamda xorijiy investorlar va kompaniyalar kapitalini boshqarishni rejalashtirgan.
Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgandan so‘ng, keyinchalik ishga joylashish imkoniyati bilan treyding bo‘yicha treninglar pullik asosda o‘tkaziladi.
Past samaradorlik sabab bepul o‘qitish modelidan voz kechishga qaror qilindi. Dastlabki uch yilda brokerlik kompaniyasi 100dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish, keyingi besh yilda esa 1500 nafargacha ishchi-xizmatchilarni ish bilan ta’minlash niyatida.
“Analytics Services” 2023-yil 1-noyabrda qimmatli qog‘ozlar va tovar operatsiyalari bo‘yicha brokerlik xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Brokerlik kompaniyasining ustav kapitali 1 mlrd so‘mdan oshadi, uning asosiy egasi (90%) va direktori Djalilov Akmal Miralimovich hisoblanadi.
“Spot” Akmal Djalilov bilan treydingni nimadan boshlash kerakligi, treyder kim va qayerda ishlashi, savdo bozorlarining bir-biridan farqi hamda qonuniy faoliyat yuritish shakllari haqida suhbat qilgandi.
Avvalroq Markaziy bankda markaziy depozitariyning vakillik hisobvarag‘i ochilgani haqida xabar berilgandi. Bu orqali pul mablag‘lari bilan bog‘liq hisob-kitoblarni qisqa muddatda amalga oshirish imkoniyati yaratildi.