Aprel oyida Markaziy bank 9ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oyidagi yig‘ilishlarda 49ta masala ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, o‘tgan oyda ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 34ta masala ko‘rib chiqildi.
Ulardan 9tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 3tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda 1tasi kredit tashkilotlarini litsenziyalash kabilar borasida bo‘lgan.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bank talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 16ta bank va 2ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Amaldagi qonunchilik va Markaziy bank talablariga rioya qilinmaganligi va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 9ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, tegishli choralarni ko‘rish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Markaziy bank 4ta bank ustav kapitalining eng kam miqdori bo‘yicha talablarga rioya qilmagani uchun ularning faol va passiv operatsiyalarini chekladi.
2023-yilning aprel oyida qabul qilingan prezidentning tegishli qonuni bilan banklarning eng kam ustav kapitalini bosqichma-bosqich oshirish belgilangan. Joriy yilning 1-aprelidan banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 350 mlrd so‘mga oshirilishi kerak.
Mart oyida regulyator 1ta bank va 1ta mikrokredit tashkilotiga ogohlantirish bergandi.