Davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilarning 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi. Bu haqda 8-may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Amalda barcha yo‘nalishlar uchun o‘tish bali 56,7 ballni tashkil etadi. O‘qishga kirish uchun minimal o‘tish bali ikki bosqichda o‘zgartiriladi.
Bunda sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun — 94,5 ball, boshqa yo‘nalishlar uchun — 75,6 ball etib belgilanadi.
Davlat granti talabalar uchun ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shaklida ajratiladi. Ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratilib, 1-kursda o‘qishga kirish natijalari bo‘yicha, 2-kursdan boshlab esa reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabalarga beriladi.
Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi.
Shuningdek, sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.
Sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta’lim shakli joriy etish orqali tugatiladi.
Bundan tashqari, oliygohlar moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, keyingi o‘quv yili uchun umumiy qabul parametrlarini (grant va kontraktga ajratmagan holda) bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha shakllantiradi.
Davlat buyurtmasi asosida grant o‘rinlari har bir yo‘nalish uchun mamlakat bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga ko‘ra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.
Endi davlat grantlari yuqori baholarga o‘qigan talabalar o‘rtasida qayta belgilanadi. Grant doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyentlar tanlagan OTMlaridan qat’i nazar, grantga tavsiya etiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov magistratura uchun ayrim yo‘nalishlarga xorijiy tilni bilish sertifikati bekor qilinishini ma’lum qildi.