Avvalroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida OTMlarga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini shakllantirish tizimini yaxshilash bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda magistratura va doktoranturaga qabul jarayonida chet tilini bilish sertifikati bo‘yicha yengilliklar berilgani ma’lum qilindi.
Xususan, magistratura va doktorantura uchun xorijiy tilni bilish sertifikati talabi o‘zgartirilmoqda. Endi ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi.
Soha xususiyatidan kelib chiqib, sertifikat talabi bir pog‘ona pastga — B1 darajasiga tushiriladi. Bunga madaniyat, san’at, sport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xo‘jaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yo‘nalishlari kiradi.
Sertifikat talabi xorijiy tillar yo‘nalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, AKT va iqtisodiyot yo‘nalishlarida B2 darajada saqlanib qolinadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov magistratura uchun ayrim yo‘nalishlarga xorijiy tilni bilish sertifikati bekor qilinishini ma’lum qilgandi.
Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Endi davlat grantlari yuqori baholarga o‘qigan talabalar o‘rtasida qayta belgilanadi.