Xabar yangilandi: 8-may kuni soat 10:38 holatiga, ajratilgan hajm uchun shartnomalar to‘liq tuzilgan.


Avvalroq “UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Lacetti” avtomobili uchun kontraktatsiyani ochishi haqida xabar berilgandi.

Xususan, 8-may kuni soat 10:00da 4 500 dona “Lacetti” uchun onlayn shartnoma berish jarayoni boshlandi.

Soat 10:15 holatiga, jami 4 400 dona avtomobil uchun shartnomalar tuzilgan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Bundan tashqari, “Damas D2 DLX Style Plus” (96 mln 932 ming so‘m) va “Labo LB2 Plus” (96 mln 370 ming so‘m) avtomobillari uchun ham shartnoma tuzish mumkin.

Barcha avtomobillar uchun shartnomalar savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali beriladi.

Kompaniya “Lacetti” uchun shartnoma berish ochilishi haqidagi e’lonlardan keyin ijtimoiy tarmoqlarda turli e’lonlar paydo bo‘lganini ma’lum qildi.

Fuqarolar “UzAuto Motors” avtomobillari uchun shartnoma tuzishda shubhali xizmatlardan foydalanmaslikka, rasmiy sayt orqali jarayonni amalga oshirishga chaqirilmoqda.

Shartnoma tizimi barcha uchun mutlaqo bepul va tizimda hech kim uchun qandaydir alohida kirishni ta’minlaydigan imkon mavjud emas, deyiladi xabarda.

Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari firibgarlik bilan bog‘liq holatlar yoki boshqa nomaqbul harakatlar uchun foydalanilishi mumkin.

Agar shartnoma tuzish uchun shaxsiy ma’lumotlar uchinchi shaxslarga topshirilsa, kompaniya xaridor oldida javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.

Mart oyida kompaniya o‘tgan yilning dekabrida amalga oshirilgan kontraktatsiyada to‘lovlari kechiktirilgan shartnomalar uchun qo‘shimcha avtomobillar sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi. Oy oxirida “Labo” uchun, aprelda esa “Damas” uchun kontraktatsiya ochildi.

“UzAuto Motors” “Cobalt” ommabop avtomobillari narxlarini oshirishni hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy etishni rejalashtirmoqda. Qo‘shimcha hajm 2024-yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilib, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxi 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.