Hukumat Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.
Agentlik prezidentning 2023-yil sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan energetikani isloh qilish rejasiga muvofiq tashkil etilmoqda. Regulyator Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi va elektr energetikasi sohasida nazorat funksiyalarini bajaradi.
Agentlik vazifalariga raqobatbardosh elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich tashkil qilishni ta’minlash kiradi.
2026-yildan elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun, zarur bo‘lgan hollarda tegishli tariflar va to‘lovlar miqdorlarini tasdiqlaydi.
Bozor ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalaydi va nazorat qiladi. Bozor konyunkturasi va energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj asosida ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni rejalashtirish va infratuzilmani yaratishga qaratilgan uzoq muddatli investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi.
Agentlik bozor mexanizmlariga o‘tishning asosiy bosqichlarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishadi hamda belgilangan tartibda hukumatga kiritadi.
Elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo operatsiyalari uchun mo‘ljallangan onlayn savdo platformasini yaratishda ishtirok etadi. Uning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Platformaning dasturiy ta’minotini test va real rejimda ishga tushirishni muvofiqlashtiradi. Uning Statistika agentligi ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinishini ta’minlaydi va muntazam ma’lumotlar almashinuvini nazorat qiladi.
2026-yilgacha Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tariflarni belgilashda bevosita ishtirok etadi va kelishadi. Aholi uchun elektr energiyasi tariflarini belgilashda ijtimoiy himoya mexanizmlarini joriy etadi.
2024-yilning 1-yanvarigacha Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tayyorlash rejalashtirilgandi. Regulyator elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va infratuzilmani yaratish sohasida uzoq muddatli siyosatni shakllantiradi.
Joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda yagona elektr savdosi platformasi yaratiladi. 2035-yilgacha elektr energiyasini aholiga barcha hududlarda bir xil narxda sotish joriy etiladi.