“KSP Consulting” kompaniyasi yaqin kelajakda sohaning xususiyatlari, o‘sish nuqtalari va rivojlanish tendensiyalarini aniqlash maqsadida Toshkentdagi fitnes-xizmatlar bozorini o‘rgandi. Aniqroq xulosa chiqarish uchun Toshkent, Olmaota va Moskvadagi fitnes-xizmatlari bozorlarining qiyosiy tahlili o‘tkazildi. Tadqiqot 2024-yilning yanvaridan mayigacha bo‘lib o‘tdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kompaniya tahlilchilari Toshkentdagi fitnes-xizmatlari bozori rivojlanishning dastlabki bosqichida ekanligini va bugungi kunda ko‘pchilik omillar bo‘yicha Moskva va Olmaotadan ortda qolayotganini aniqladi.

“Spot” tadqiqot natijalarini, shuningdek, asosiy jihatlar bo‘yicha fitnes sohasi vakillarining fikrlarini e’lon qiladi.


Toshkentdagi fitnes-bozorining ayni damdagi holati

Ma’lumot to‘plash uchun mutaxassislar Moskva, Olmaota va Toshkentda odamlarga sport-sog‘lomlashtirish xizmatlari (fitnes-klublari, suzish havzalari, trenajyor zallari, to‘garaklar va trenajyor zallari) taqdim etiladigan obyektlarning umumiy sonini hisoblab chiqdi.

Toshkentda jami 550ta, Olmaotada 1700ta, Moskvada 9000dan ortiq bunday obyektlar mavjud.

Toshkentdagi barcha fitnes inshootlari quyidagi toifalarga bo‘lingan:

  • umumiy fitnes-klublari;
  • ayollar uchun fitnes-markazlari;
  • ixtisoslashtirilgan studiyalar va sog‘lomlashtirish markazlari;
  • elita toifadagi fitnes-klublari;
  • maxsus xizmatlar va dasturlar.

Ushbu tadqiqotda ikkita toifa batafsilroq ko‘rib chiqilgan.

Umumiy fitnes-klublari. Ularda keng ko‘lamli mashg‘ulotlar, jumladan, kuch va kardio mashqlari, guruh mashg‘ulotlari (yoga, pilates, zumba, ayerobika va boshqalar), murabbiylar rahbarligida shaxsiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlardan keyin dam olish uchun joylar: saunalar, bug‘ xonalari, basseynlar bilan ham ta’minlashi mumkin.

Bunday joylarga har ikki jinsdagi 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan turli darajadagi jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lganlar tashrif buyurishadi. Bular yakka tartibda yoki guruh bo‘lib keng ko‘lamli xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘lgan universal sport klubini qidirayotgan odamlardir.

Ayollar va bolalar uchun fitnes-markazlari. Bunday markazlar onalar va bolalarning faol hordiq chiqarishiga qaratilgan bo‘lib, ayollar va 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun keng ko‘lamli tadbirlarni taklif etadi.

Bunday klublar ayollar salomatligi uchun darslar va yoga, pilates, raqs, mashqlar terapiyasi va boshqalar kabi guruh mashg‘ulotlarini taklif qiladi. Shuningdek, ko‘plab klublarda o‘yin xonalari mavjud va bolalar uchun jismoniy, aqliy-ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari taklif etiladi.

Toshkent shahrida 111ta umumiy fitnes-klublari va ayollar uchun 15ta fitnes-markazlari, Olmaota shahrida mos ravishda 173 va 7ta markazlar mavjud. Moskvada 2 mingdan ortiq umumiy fitnes-klublari mavjud, ulardan kamida 9tasi ayollar uchun mo‘ljallangan. Biroq, umumiy klublarida ham ayollar uchun alohida sport zallar mavjud.

biznes, fitnes, sport

Toshkentning umumiy aholisi 3 mln bo‘lib, 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan aholi 1,6 mlnni tashkil qiladi. Olmaotada bu ko‘rsatkich — 1,3 mln (2,3 mlndan), Moskvada — 7,5 mln (13,1 mlndan).

biznes, fitnes, sport

Ammo har bir fitnes-klubiga 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan kattalar sonini hisoblaganda shaharlar orasidagi tafovut pasaymoqda:

  • Moskvada bitta klubga 3,7 ming kishi;
  • Olmaotada 7,2 ming;
  • Toshkentda 12,7 ming kishi to‘g‘ri keladi.

Demak, poytaxtda fitnes-klublarining umumiy zichligi ming kishiga Olmaota va Moskvadagidan ancha past, degan xulosaga kelish mumkin. Ko‘rsatkichlarga asoslanib, O‘zbekistondagi bozorning hozirgi holatida klublar sonini bir necha barobar oshirishga zarurat bor, degan xulosaga kelish mumkin.

“Toshkentda yashovchi iste’molchi sifatida men fitnes-klublari sonining nisbatan kamligini va takliflar orasida xilma-xillikning juda kamligini payqadim. Shuningdek, fitnes-xizmatlar sonining kamligi tufayli iste’molchilar uchun raqobat yo‘q”, — deya ta’kidlaydi “KSP Consulting” asoschisi Anar Kostenko.

“X-Fit” fitnes-klublar tarmog‘ining savdo va marketing bo‘limi boshlig‘i Maryam Fazlitdinovaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda qancha ko‘p klublar ochilsa, fitnes ham aholi hayotining bir qismiga aylanib boradi.

“Mamlakatda industriya jadal rivojlanayotganini ko‘rishdan juda mamnunmiz. Bu, birinchi navbatda, tobora ko‘proq odamlar o‘z sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilishni, turmush tarzini o‘zgartirishni va sportni tanlashni boshlashidan dalolat beradi”, — deydi u.

Bu biznesdagi asosiy ishtirokchilar

Bugungi kunda Toshkentda umumiy fitnes-klublarning beshta tarmog‘i va ayollar uchun ikkita tarmog‘i, shuningdek, lyuks (luxury), premium va biznes-klass fitnes-klublariga tegishli “BeFit” tarmog‘i mavjud.

Bozorning asosiy ishtirokchilari: “Chekhov”, “BeFit”, “Buka Fit/Buka Gym”, “Nika sport”, “Ozon”, “Power Fitness”, “Fitmax”, “Women&Kids”. Jami 27ta turli turdagi tarmoqli fitnes-klublar mavjud.

Barcha umumiy tarmoqlarda narx segmenti taxminan bir xil. “Fitmax” o‘rtacha bozor narxidan sezilarli darajada past narxlari bilan ajralib turadi.

Quyidagi jadvalda 2024-yil may oyida umumiy fitnes-klublariga tashriflar soniga cheklovlarsiz istalgan vaqtda mashg‘ulotlar uchun yillik a’zolik (abonement) narxi ko‘rsatilgan:

Nomi

12 oy uchun chegirmalarsiz abonement (mln so‘m)

12 oy uchun maxsus takliflar asosidagi abonement (mln so‘m)

Chekhov Light

15,4

7,7

Chekhov.Family fitness

8,2

3,28

Chekhov Yulduz

12,4

6,2

Chekhov Anhor

12,4

6,2

Chekhov Salom

14

7

Ozonefc

10,9

7,6

BukaFit

9,1

5,9

BukaGym

9,7

6,8

Power Fitness (Yangishahar ko’chasi, 10)

4,7

4

Power Fitness (Sodiq Azimov ko’chasi, 3-yo'lak, 1)

17,4

17,4

Power Fitness (Qatortol, 60а)

7,8

3,9

Fitmax (Farg'ona shossesi, 744)

2,2−2,8

1,8−2,4

Fitmax (Sokin, 4а)

2,2−2,8

1,8- 2,4

Olmaotada 17ta tarmoq mavjud bo‘lib, ulardagi klublarning umumiy soni 55taga teng. Moskvada 45 dan ortiq tarmoq mavjud bo‘lib, ulardagi umumiy nuqtalar soni 280dan ortiq.

Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Toshkent tarmoqli fitnes-klublari soni bo‘yicha ancha orqada. Soha o‘sishda davom etsa, yangi fitnes-tarmoqlari bozorda o‘z o‘rnini egallay oladi.

“Fitness hammaga ham piyoda yurib borish mumkin bo‘lgan masofada va fitnes/sport klublarining qamrovi biz xohlagan darajada emas. Lekin bu faqat vaqt masalasi! Ishonchimiz komilki, fitnes tez orada O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun yaqinroq bo‘ladi”, — deydi Fazlitdinova.

Fitnes xizmatlarining narxi va ularning Toshkent shahrida mavjudligi

Xizmatlarning o‘rtacha narxini aniqlash uchun tahlilchilar fitnes narxlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plashdi. Poytaxtda aholi uchun narxning qulaylik darajasini aniqlash uchun ekspertlar tomonidan 2023-yil uchun ish haqi, amaldagi eng kam ish haqi ko‘rsatkichlari, QQS va nashr vaqtidagi Moskva, Olmaota va Toshkentdagi fitnes-klublar uchun mos bo‘lgan tijorat binolarini ijaraga olish narxi to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plangan.

Toshkentdagi klublar tarmog‘iga yillik obunaning o‘rtacha narxi (maxsus takliflarni hisobga olgan holda) 6,3 mln so‘mni tashkil etadi, bu dollarda $498ga teng bo‘ladi. Maxsus takliflarni hisobga olmaganda yillik obunaning o‘rtacha narxi 9,9 mln so‘mni ($782) tashkil qiladi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oxirida Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 7,45 mln so‘m ($590), mediana daromad esa 4,98 mln so‘m ($395), 2024-yilda eng kam ish haqi 1,050 mln so‘m yoki $83 ni tashkil qilmoqda. Demak, Toshkent shahridagi maxsus takliflarni hisobga olgan holda tarmoqli klublarga yillik obunaning o‘rtacha narxi o‘rtacha oylik ish haqining 0,84, mediana daromadning 1,26 yoki eng kam ish haqining 6 baravariga teng.

Olmaotadagi yillik obuna narxi esa 150 ming tenge ($340). Olmaotada 2023-yil oxirida o‘rtacha ish haqi 423 ming tenge ($958), mediana daromad 283 ming ($640), eng kam ish haqi 85 ming tenge ($192)ni tashkil qiladi. Demak, Olmaotadagi fitnes-klublari tarmog‘idan birida yillik obuna narxi 0,35 o‘rtacha ish haqi, 0,53 mediana daromad yoki 1,77 eng kam ish haqiga teng.

Moskvadagi yillik obunaning o‘rtacha narxi 35−40 ming rublni ($410) tashkil qiladi. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvada o‘rtacha ish haqi 113 ming rubl ($1230), mediana — 76 ming rubl ($831), eng kam ish haqi — 29,4 ming rubl ($320). U yerdagi fitnes-klub tarmoqlaridan birida yillik obunaning o‘rtacha narxi 0,33 o‘rtacha ish haqi, 0,49 mediana daromad yoki 1,28 eng kam ish haqiga teng.

Tahlilchilar, shuningdek, fitnes-klublari narxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar: tijorat binolarini ijaraga olish narxi va sport majmualari uchun QQS talablari haqida ma’lumot to‘pladi.

Demak, Toshkentda 400 m²dan tijorat binolarini ijaraga olishning dollar ekvivalentida o‘rtacha narxi m2 uchun oyiga $14ni tashkil qiladi. Olmaotada shunga o‘xshash binolarni ijaraga olishning o‘rtacha narxi $16 ni, Moskvada esa $20ni tashkil qiladi.

biznes, fitnes, sport

Shuningdek, Rossiyada aholiga sport-sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar kosmetologiya, massaj kabi qo‘shimcha xizmatlarni hisobga olmaganda, o‘z xizmatlari uchun QQSdan ozod etilgani ham muhim. O‘zbekiston va Qozog‘istonda bunday imtiyozlar yo‘q.

Toshkentda ijara narxi Moskva va Olmaota bilan solishtirganda nisbatan past bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston poytaxtida yillik fitnes-abonementlari narxi ancha yuqori. Bu holatni Rossiyada fitnes-xizmatlari bozori uchun maxsus soliq shartlari mavjudligi bilan bog‘lash mumkin, ammo Olmaota tajribasi shuni ko‘rsatadiki, hatto QQS bilan ham narxlarni hozirgisidan pastroq saqlash mumkin.

“Bozorni tahlil qilgandan so‘ng, Toshkentda yangi fitnes-klublar ochish uchun juda katta maydon borligi va hozirgidan ko‘ra raqobat kuchaygan taqdirdagina narx pasayishi aniq bo‘ldi”, — deydi Anar Kostenko.

“KSP Consulting” asoschisi, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida Toshkentda bir nechta yangi dominant ishtirokchilar paydo bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi va mavjud yuqori narxlar talabning oshgani, taklifning esa yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.